Haftalik

Haftalik yangiliklar

BAA kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta diagnostika markazi ochishni rejalashtirmoqda

Mjk

BAAning Unison Capital Investment kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta to‘liq siklli diagnostika markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shodiyev hamda kompaniya ijrochi direktori Tamer Akl o‘rtasidagi uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik asosida sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Muloqot davomida Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida kompyuter tomografiyasi bo‘limlarini tashkil etish investitsiya loyihasi yuzasidan fikr almashilgan.

Kompaniya vakillari respublika bo‘ylab 100 ta zamonaviy diagnostika markazini tashkil etish bo‘yicha rejalarni taqdim etgan.

Loyihaga ko‘ra, ushbu markazlarda:

— multispiral kompyuter tomografiyasi;
— magnit-rezonans tomografiya;
— rentgenografiya;
— gemodializ;
— laboratoriya diagnostikasi xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuv davomida Unison Capital Investment rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi ham kelishib olindi.

Forum doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari bilan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kompaniya sog‘liqni saqlash va yirik kapital talab qiladigan yo‘nalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan xususiy investitsiya tashkiloti hisoblanadi.

U tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni boshqarish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan sog‘liqni saqlash tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Mazkur tizim asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot sohasini, jumladan xususiy sektorni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi. Shuningdek, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun davlat tibbiyot muassasalari, yer uchastkalari hamda bino-inshootlar ajratiladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *