Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov o‘rindoshlik asosida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu bo‘yicha davlat rahbarining tegishli qarori imzolandi.
Shuningdek, prezident qarori bilan Elyor Talaboyev qo‘mita raisining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu munosabat bilan u Prezident administratsiyasi rahbari kotibiyati bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Furqat Jalilov esa qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimini egalladi. U bunga qadar Prezident administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti bosh inspektori sifatida ishlab kelayotgandi.
Azizbek O‘runov 2025-yil iyul oyida prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha rasmiy vakili lavozimiga tayinlangan edi. Shu munosabat bilan u JST bo‘yicha maxsus vakil lavozimidan ozod qilingan.