Farg‘ona viloyati hududida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi temiryo‘l izlari orasida yurgan mast erkak sabab shoshilinch tarzda to‘xtatildi. Bu haqda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 10-may kuni soat 08:32 larda sodir bo‘lgan. Andijon—Marg‘ilon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan 729-sonli yo‘lovchi poyezdi Qo‘qon—Buvayda temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi hududdan o‘tayotgan vaqtda mashinist temiryo‘l izlari orasida mast holda harakatlanib yurgan fuqaroni payqagan.
Qayd etilishicha, Dang‘ara tumani “G‘umayli” MFY hududida bo‘lgan 1983-yilda tug‘ilgan Z.A.ni urib yubormaslik maqsadida poyezd zudlik bilan to‘xtatilgan.
729-sonli Andijon—Toshkent yo‘lovchi poyezdi tarkibida 8 ta vagon bo‘lgan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Poyezd esa soat 08:45 da o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatini davom ettirgan.
Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.