O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston hududida “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi tashkil etiladi. Bu prezidentning 20-apreldan kuchga kirgan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur tashabbus orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish, aholi farovonligini oshirish hamda mayning faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Maxsus zona Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududini qamrab oladi.
Qarorga muvofiq, maxsus zona doirasida bir qator imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, mayning faoliyatini amalga oshirishda yagona elektr energetika tizimi, barcha turdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiyadan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, mayning natijasida olingan kriptoaktivlarni milliy kriptobirjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotish, ularni boshqa likvidli kriptoaktivlarga ayirboshlash mumkin bo‘ladi. Bunda tushgan mablag‘lar majburiy tarzda O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlariga o‘tkazilishi belgilangan.
Maxsus zonada faqat Qoraqalpog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar rezident sifatida faoliyat yuritadi. Ular uchun yana bir imkoniyat — mayning jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi yerlarida issiqxonalar tashkil etishdir.
Qaror bilan “Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi direksiyasi” tashkil etiladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa mayning faoliyatiga ruxsat beruvchi vakolatli ishchi organ etib belgilandi. Rezidentlik maqomini olish va faoliyatni boshlash uchun yuridik shaxslar direksiyaga ariza bilan murojaat qiladi.
Hujjatda yana bir muhim norma belgilangan: 2035-yil 1-yanvargacha maxsus zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olgan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod etiladi.
