Interpol tomonidan o‘zbekistonlik Ravshan Muhitdinov xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi.
37 yoshli Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari — mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, jinoiy uyushma tashkil etish hamda bezorilik bilan ayblanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1988-yilda Toshkentda tug‘ilgan Muhitdinov “Ravshan Zolotoy” laqabi bilan tanilgan. Ayrim manbalarda u o‘zbekistonlik tadbirkor G‘ofur Rahimovning qarindoshi ekani qayd etiladi. Bildirilishicha, unga nisbatan ayblovlar ilgari surilganidan so‘ng u mamlakatni tark etgan.
Shuningdek, Interpol tomonidan Dilshod Ahmedov ham xalqaro qidiruvga berilgan.
U O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining sobiq boshqaruvi raisi bo‘lib, 2024-yil 16-oktyabrda lavozimga tayinlangan va 2025-yil avgust oyida vazifasidan ozod etilgan.
Dilshod Ahmedov avval investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari hamda “O‘zmetkombinat” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.