O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi liberallashtiriladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 15-apreldagi qarorida belgilandi.
“Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan tadbirkor jarimaning 50 foizini bir oy ichida to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlarga jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Buning uchun qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning kamida oltidan bir qismi to‘lansa, ushbu tartib avtomatik tarzda amal qiladi.
Qarorga ko‘ra, agar sud tomonidan jarima bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytarilishi lozim. Aks holda, har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorda foiz hisoblanadi.
Elektron reyestr joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan boshlab Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra:
- vakolatli organlarning jarima qo‘llash haqidagi qarorlari 3 ish kuni ichida elektron reyestrga kiritiladi;
- barcha qarorlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi shart;
- reyestrga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas deb topiladi va ular asosida jarima undirilmaydi;
- tizimda tadbirkorlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning takroriyligi ham qayd etilib, xavflarni boshqarish asosida tahlil qilinadi.
Mazkur o‘zgarishlar jarima tizimida shaffoflikni oshirish va tadbirkorlarning huquqlarini yanada himoya qilishga qaratilgani ta’kidlandi.
