Toshkent viloyatining Zangiota tumanida narkokuryerlar qoldirib ketgan qariyb 5 kilogramm opiy moddasi topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX, Ichki ishlar va Bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar chog‘ida 10 dona o‘ramdagi jami 4 kilo 956 gramm opiy Toshkent katta halqa yo‘liga yaqin joydagi xufiya joydan topilgan.
Moddiy dalillar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Tergovga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositalari xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, narkotik moddalar egalari shaxsini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.