Bolazor

Qonunchilik palatasi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda jabrlangan bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va zo‘rlik ishlatib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ayrim qoidalarni qo‘llash cheklanadi.

Shuningdek, bolaning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlarini qo‘llamaslik taklif etilmoqda.

Voyaga yetmaganlarga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, bir guruh shaxslar tomonidan 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik va boshqa ayrim huquqbuzarliklar uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.

Qonun loyihasida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning protsessual huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, ularni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan maxsus tartibda yuzlashtirish hamda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi ham joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ta’lim-tarbiya tashkiloti xodimi tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

By admin