Namangan shahrida Xalq qabulxonasi xodimi fuqaroga yer ajratib berish va hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da qilib, 1,5 ming dollar olayotgan vaqtda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shahar Xalq qabulxonasi bosh mutaxassisi vazifasini bajaruvchi X.D. Yangi Namangan tumani hududidagi 4 sotix yer maydonini uy-joy qurish uchun fuqaro X.O.ga ajratib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, u tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 1,5 ming dollar talab qilgan. X.D. mazkur pulni xizmat xonasida olayotgan vaqtida ushlangan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, X.D. muqaddam sudlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
