O‘zbekistonda fuqarolarga pensiya bilan bog‘liq ma’lumotlarni kuzatish imkonini beruvchi “Pensiya” mobil ilovasi ishga tushiriladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi direktori Murodbek Otajonov 25-sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Jamg‘arma rahbarining aytishicha, ilova yaratib bo‘lish arafasida va uning imkoniyatlari oktyabr oyida e’lon qilinadi.
“Pensiya” mobil ilovasini yaratib boʻlish arafasidamiz. Buni oktyabr oyida e’lon qilamiz. Loyiha bizning IT bilan bogʻliq eng asosiy yoʻnalishimiz hisoblanadi. Ya’ni har qanday fuqaro oʻzi uchun ish beruvchi qancha ijtimoiy soliq toʻlaganini bilmaydi. Oʻzi pensiyasi qancha boʻlishini ham oldindan dastlabki miqdorini bilmaydi. “Pensiya” ilovamiz mana shu savollarga javob beradi. Pensiyaning jamgʻarib boriladigan qismidan yigʻiladigan mablagʻlarni investitsiya boshqarish imkoniyatlari ham yaratiladi”, dedi Murodbek Otajonov.
Ilova orqali fuqarolar ish beruvchisi ular uchun qancha ijtimoiy soliq to‘lagani va kelgusidagi pensiyasining dastlabki miqdori haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, pensiyaning jamg‘arib boriladigan qismida to‘plangan mablag‘larni investitsiya boshqarish imkoniyatlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
