Nhj

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi “Tallig‘ulontepa” arxeologiya yodgorligining ayrim qismlari og‘ir texnika yordamida buzilgani aniqlandi. Yetkazilgan moddiy zarar 6 milliard 435 million so‘mga baholangan. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yodgorlik buzilayotgani haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng, Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari hududda o‘rganish o‘tkazgan.

Tekshiruv davomida yodgorlikning ayrim qismlariga og‘ir texnika yordamida mexanik ta’sir ko‘rsatilgani va ular buzilgani aniqlangan. Shuningdek, yodgorlik hududidagi muhofaza belgisi noma’lum shaxs tomonidan olib tashlangani ma’lum bo‘lgan.

Yodgorlikka yetkazilgan zarar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori bilan tasdiqlangan metodika asosida hisoblab chiqilgan. 23-sentyabr kuni zarar miqdori 6 milliard 435 million so‘m ekani aniqlangan.

Holat bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun zarur hujjatlar Samarqand viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

“Tallig‘ulontepa” V–VI hamda X–XII asrlarga oid arxeologiya yodgorligi hisoblanadi. U Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.

By admin