O‘zbekistonda 2010–2025-yillarda qiz bolalarga qaraganda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilgan. 16 yil davomida mamlakatda qariyb 12,5 mln chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lib, ularning 6,48 mln nafari o‘g‘il, 6,04 mln nafari qiz bolani tashkil etgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davrda har 100 nafar qiz chaqaloqqa o‘rtacha 108 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan. Umumiy hisobda o‘g‘il bolalar qizlardan 477,9 ming nafarga yoki 7,96 foizga ko‘p tug‘ilgan.
2010-yilda O‘zbekistonda 634,8 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Shundan 328,9 ming nafari o‘g‘il, 305,9 ming nafari qiz bola bo‘lgan.
2014-yilda tug‘ilgan chaqaloqlar soni 700 mingdan oshgan. Bu yili 373,3 ming nafar o‘g‘il va 344,7 ming nafar qiz bola dunyoga kelgan.
2019-yilda tug‘ilishlar soni 800 mingdan oshib, 423,2 ming nafar o‘g‘il va 391,7 ming nafar qiz bola tug‘ilgan.
2021-yilda esa mamlakatda 905,2 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Ularning 468,5 ming nafari o‘g‘il, 436,7 ming nafari qiz bolalar edi.
Hududlar kesimida 2010–2025-yillarda o‘g‘il bolalar tug‘ilishidagi eng katta ustunlik Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan — 8,98 foiz. Bu yerda har 100 nafar qiz bolaga 109 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan.
Keyingi o‘rinlarda Namangan viloyati 8,64 foiz va Jizzax viloyati 8,33 foiz ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
