15-sentyabr kuni Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga olib kelindi. Ularning 3 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan onalari tomonidan O‘zbekiston vakillariga topshirilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Bolalarni vatanga qaytarish ishlari Rossiyaga amalga oshirilgan xizmat safarining uchinchi guruhi doirasida tashkil etildi. Jarayonda Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh, Bolalar ombudsmani hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalari ishtirok etdi.
Mazkur guruhning O‘zbekistonga qaytishi bilan Rossiyaga amalga oshirilgan xizmat safari yakunlangan. Safar davomida jami 30 nafar voyaga yetmagan bola Rossiyadan, tegishli ishlar natijasida yana 2 nafar bola Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgan. Shu tariqa jami 32 nafar bolaning vatanga qaytishi ta’minlangan.
Qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish yoki zarur hollarda muqobil joylashtirish shakllariga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, ularga ijtimoiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi.
Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.
Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari davom ettiriladi. Jumladan, Gruziyada qolgan 1 nafar bolani vatanga qaytarish uchun xizmat safari amalga oshirilishi kutilmoqda. Turkiya bilan esa voyaga yetmaganlarni qaytarish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
