“Yuksalish” harakatining “Opinions” sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1 371 nafar respondent ishtirok etdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot” mavzusidagi tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari, ularga sarflanadigan vaqt hamda buning o‘qish, ish va uyquga ta’siri o‘rganilgan.
So‘rovda qatnashganlarning 62,2 foizi yoki 853 nafari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan kattalarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga ma’lum darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshli respondentlar orasida ijtimoiy tarmoqlarning uyquga ta’sirini sezganlar ulushi 74,4 foizni tashkil qilgan. Ushbu yosh guruhidagi ishtirokchilarning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga ham xalaqit berishini bildirgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini aytgan. 5,1 foiz o‘smirning ota-onasi bu borada nazorat qilmasligi ma’lum bo‘lgan.
Respondentlarning 37 foizi kuniga ikki soatdan ortiq vaqt sarflaydi
So‘rov ishtirokchilarining 37,3 foizi yoki 512 nafari ish yoki o‘qish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kuniga ikki soatdan ortiq vaqt sarflashini bildirgan. 12,4 foiz respondent esa ulardan kuniga to‘rt soatdan ko‘proq foydalanadi.
Dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda to‘rt soatdan ortiq vaqt o‘tkazadiganlar ulushi 19,7 foizni tashkil etgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblagan. 33,4 foiz yoki 458 nafari esa ularda keragidan ko‘proq vaqt o‘tkazayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan respondentlarning 511 nafari bunga erishgan, 327 nafari esa uddalay olmagan. 28 foiz ishtirokchi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Kuniga ikki soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi nafaqadagi respondentlarda 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bandlarda 43,7 foiz, talabalarda 32,7 foiz va maktab o‘quvchilarida 27,3 foizni tashkil etgan.
Telegram eng ko‘p foydalaniladigan platforma bo‘lgan
So‘rovda Telegram respondentlarning 88,9 foizi yoki 1 219 nafari tomonidan tanlangan va eng ko‘p foydalaniladigan platforma sifatida qayd etilgan. Instagramdan 73,5 foiz, YouTubedan 61,8 foiz, Facebookdan esa 24,7 foiz respondent foydal
