Gf

Sirdaryo viloyati Xovos tumani suv ta’minoti bo‘limi xodimlari dam olish va bayram kunlari majburan ishga jalb qilingani aniqlandi. Bo‘lim boshlig‘iga 41,2 million so‘m jarima solindi. Bu haqda Ombudsman idorasi ma’lum qildi.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakiliga “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Xovos tuman bo‘limi xodimlaridan dam olish va bayram kunlari majburan ishga jalb qilinayotgani haqida murojaat kelib tushgan.

Holat Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda viloyat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan. Tekshiruv davomida xodimlarning tushuntirish xatlari, Telegram’dagi videolar va ishga chiqishga chaqirilgan audioyozuvlar tahlil qilingan.

Natijada xodimlarning dam olish kunlari ishga jalb qilingani tasdiqlangan.

Shundan so‘ng bo‘lim boshlig‘i A.P.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga 41 million 200 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.

By admin