Boj

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona jarayonlarini soddalashtirish maqsadida 1-sentyabrdan ayrim talablar bekor qilindi. Tegishli tartib Prezidentning 27-avgustda imzolangan farmoni bilan belgilangan.

Unga ko‘ra, tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi bekor qilindi.

Shuningdek, bunday tartibda eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi ham bekor qilindi.

Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta polisi kabi kafolatli shakllarni taqdim etish talabi ham olib tashlandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmagan holatlarda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish talabi ham bekor qilindi. Bunda vakolatli organ tomonidan mahsulot miqdori sinov uchun yetarli emasligi to‘g‘risida xat taqdim etiladi.

Bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer hamda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma taqdim etish talabi ham bekor qilindi. Dori vositalari va tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini taqdim etish talabi ham olib tashlandi.

Bunda tegishli ruxsatnoma va guvohnomalarning mavjudligi majburiy muvofiqlikni baholash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish jarayonida nazorat qilinadi.

Bojxona tizimida yana qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Farmon bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, 2027-yil noyabr oyiga qadar tadbirkorlar tomonidan tovarlarni deklaratsiya qilmaslik va boshqa ma’muriy huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganida, hisoblangan bojxona to‘lovlari ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda ish yuritishni bojxona organlarining o‘zida tugatish va tovarlarni tadbirkorga qaytarish mexanizmini joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, tadbirkorlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganida tijorat banklari tomonidan foiz undirilishi amaliyotini bekor qilishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqiladi.

2027-yil iyul oyiga qadar Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari va rasmiy veb-sahifasida Feedback moduli ishlab chiqiladi. U orqali tadbirkorlar bojxona organlari faoliyati va bojxona tartib-taomillarini baholashi mumkin bo‘ladi.

Tadbirkorlar bergan baholar asosida bojxona boshqarmalari, bojxona postlari va xodimlarining reytingi ham yuritiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari, sohaviy uyushmalar va biznes vakillari bilan doimiy maslahatlashuv amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Customs Open Dialogue platformasi va har oylik ochiq muloqotlar tashkil etiladi.

By admin