Qohirada O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston diplomatlari Misrning Pharco Corporation farmatsevtika korporatsiyasi mintaqaviy direktori Muhammad Foruq bilan uchrashgan.
Muzokaralarda Pharco’ni O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb qilish, investitsiya kiritish, texnologiyalar transferi hamda C gepatitiga qarshi preparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Pharco Corporation 1987-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga 5,7 mingdan ortiq xodim ishlaydigan to‘qqizta tashkilot kiradi. Korporatsiyaning yillik savdo hajmi 345 million qadoqdan oshadi, mahsulotlari esa 57 ta mamlakatga yetkazib beriladi.
Misrda C gepatitiga qarshi davolash
Muhammad Foruq kompaniyaning Misrda C gepatitini bartaraf etishdagi ishtiroki haqida ma’lumot bergan.
Pharco kompaniyasi sofosbuvirning generigi bo‘lgan “Gratisovir” va litsenziyalangan “Ravidasvir” preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu dori vositalari davolash kursi narxini bir necha o‘n ming dollardan 100 dollargacha tushirish imkonini bergan.
Davolash kursidan keyin bemorlarning sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizni tashkil etgani qayd etilgan. Milliy dastur doirasida preparatlarning keng miqyosda yetkazib berilishi millionlab fuqarolarni davolash imkonini bergan.
Natijada Misr C gepatitini bartaraf etgani uchun JSSTning “Oltin sertifikati”ni olgan dunyodagi birinchi davlatga aylangan.
Dorilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin
Pharco Corporation hozirda O‘zbekistonning qator xususiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Tomonlar “Gratisovir” va “Ravidasvir” preparatlarini yetkazib berish bilan birga, texnologiyalar transferi hamda O‘zbekistondagi farmatsevtika quvvatlari negizida ushbu dorilar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, mahalliy xususiy farmatsevtika kompaniyalari va Pharco Corporation ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi.
Misrlik mutaxassislar keyingi muzokaralarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga delegatsiya yuborishga tayyorligini bildirgan.