Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekiston Xitoydan yana to‘rtta J-10CE qiruvchi samolyotini qabul qilgani aytilmoqda

Bv

O‘zbekiston havo mudofaa kuchlari 21 va 22-iyul kunlari Xitoyda ishlab chiqarilgan to‘rtta J-10CE qiruvchi samolyotini qabul qildi. Bu haqda mudofaa sohasidagi kuzatuvchilarga tayanib, Defence Security Asia nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida tuzilgan shartnoma 24 ta J-10CE qiruvchi samolyotini bosqichma-bosqich yetkazib berish hamda o‘zbekistonlik uchuvchilarni tayyorlashni nazarda tutadi. Shuningdek, 2025-yilda Toshkentga mazkur turdagi ikkita qiruvchi samolyot yetkazib berilgani aytilmoqda.

Hozircha O‘zbekiston va Xitoy rasmiylari ushbu harbiy texnikalarning yetkazib berilgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Qayd etilishicha, 2025-yil may oyida Pokiston harbiylari J-10 qiruvchi samolyotlari yordamida Hindiston harbiy-havo kuchlariga tegishli «Rafale» va «Su» turidagi samolyotlarni urib tushirgani haqidagi xabarlar ushbu modelga bo‘lgan xalqaro qiziqishni sezilarli darajada oshirgan.

Shundan so‘ng G‘arb mamlakatlari yoki Rossiyada ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlarni xarid qilishni rejalashtirayotgan ayrim davlatlar Xitoyning J-10CE modelini muqobil variant sifatida ko‘rib chiqishni boshlagani ta’kidlanmoqda.

Defence Security Asia ma’lumotlariga ko‘ra, J-10CE qiruvchi samolyotining narxi 40–50 million AQSH dollariga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich uni G‘arbda ishlab chiqarilgan 4+ avlod qiruvchi samolyotlariga nisbatan ancha arzon variantga aylantiradi. Taqqoslash uchun, bitta Rafale qiruvchi samolyotining narxi taxminan 100–130 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Nashr tahlilchilarining fikricha, O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan qiruvchi samolyotlar nafaqat mamlakatning harbiy salohiyatini oshirishga, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

«Xitoy jangovar samolyotlari Toshkent va Moskva o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda Rossiya ishlab chiqarishidagi tizimlarga muqobil bo‘la olishini namoyish etmoqda», deyiladi Defence Security Asia materialida.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *