Haftalik

Haftalik yangiliklar

Chet elliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish talabini buzganlarga javobgarlik kuchaytiriladi

Ml

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari migratsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatda chet el fuqarolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish talabini bajarmagan tashkilot va muassasalarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi hamda bu yerda bo‘lishi bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtirilmoqda. Hozirda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgan bo‘lib, elektron vizalar berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada 2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27 foizga oshib, 5,5 million nafarga yetgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish maskanlari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat va xususiy klinikalar, shifoxonalar hamda kasalxonalar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kelgan vaqtning o‘zida turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Biroq ayrim hollarda ushbu talab bajarilmayotgani, xorijliklar tegishli axborot tizimiga kiritilmayotgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan qonun loyihasida mazkur majburiyatni bajarmaydigan tashkilot va muassasalarning javobgarligini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, hujjatda amaldagi qonunchilikni fuqarolar, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga oid qonun talablariga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilgan.

Xususan, fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atamalar va huquqiy mexanizmlar barcha qonun hujjatlarida birxillashtiriladi. Jumladan, amaldagi kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi” hamda “vaqtinchalik yashash joyi” tushunchalari mos ravishda “yashash joyi” va “turgan joyi” atamalari bilan almashtiriladi.

Qonun loyihasi muhokamasi davomida deputatlar uning mazmuni, amaliyotga ta’siri va huquqiy mexanizmlari yuzasidan fikr bildirib, ayrim normalarni aniqlashtirish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Muhokamalar yakunida hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *