Haftalik

Haftalik yangiliklar

    O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

    Svet

    O‘zbekistonda 13-iyul kuni yoz mavsumida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Sutkalik iste’mol hajmi 278,6 million kVt soatga yetdi.

    Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, issiq havo sharoitida respublika bo‘yicha bir sutkada iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi 278,6 million kVt soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 6 million kVt soatga yoki 2,2 foizga ko‘p.

    Avvalgi rekord 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda sutkalik elektr iste’moli 272,6 million kVt soatni tashkil etgan edi. O‘sha kuni mamlakatning markaziy hududlarida havo harorati 40 darajagacha, cho‘l hududlarida esa 42–44 darajagacha ko‘tarilgandi.

    Vazirlikning qayd etishicha, 13-iyul kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 281,5 million kVt soatni tashkil qilgan.

    Energetika vazirligi havo haroratining yanada ko‘tarilishi fonida yaqin kunlarda elektr energiyasi iste’moli va elektr tizimi yuklamasi bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilishi mumkinligini bildirdi.

    Qayd etilishicha, yuqori yuklama davrida elektr ta’minoti barqarorligini saqlash maqsadida energetika korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan. Hududlarda maxsus avariya-ta’mirlash brigadalari navbatchilik asosida ishlab, elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etishga tayyor turibdi.

    Shu bilan birga, ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi texnik nosozliklar sabab elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkinligi qayd etildi.

    Vazirlik iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi. Xususan, eng yuqori yuklama soatlarida zarurat bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish va elektr ta’minoti barqarorligini saqlashga yordam berishi ta’kidlandi.

    Добавить комментарий

    Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *