Toshkent metropoliteni parkiga yana uchta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd olib kelindi. Yangi harakat tarkiblari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va poyezdlar harakati oralig‘ini qisqartirishga xizmat qiladi.
«Toshkent metropoliteni» DUK matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yangi poyezdlarning foydalanishga topshirilishi ekspluatatsiya muddati uzoq bo‘lgan eski turdagi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich zamonaviylari bilan almashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, yangi poyezdlar hisobiga metro liniyalarida poyezdlar qatnovi intervalini qisqartirish, tashish quvvatini oshirish va harakat jadvalining barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bu esa kun sayin ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga yordam beradi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteniga yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.