Markaziy bank futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olganiga bag‘ishlangan esdalik tangalari tiraji oshirilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tangalarga bo‘lgan yuqori qiziqish va ko‘plab murojaatlar inobatga olinib, dastlab rejalashtirilgan 100 dona oltin va 1000 dona kumush tanga tirajiga qo‘shimcha ravishda yana 400 dona oltin hamda 2000 dona kumush tanga zarb etiladi.
Esdalik tangalari 18-iyundan boshlab respublika bo‘ylab 690 ta tijorat banki filiallarida sotuvga chiqariladi. Tangalarning narxi va banklardagi mavjudligi haqidagi yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har kuni e’lon qilib boriladi.
Ma’lum qilinishicha, tangalarning avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi tasviri va “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida — 2026” yozuvi aks ettirilgan.
Markaziy bankga ko‘ra, ushbu dizayn elementlari milliy terma jamoaning ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va O‘zbekiston futboli tarixida yangi sahifa ochilganini ramziy ifodalaydi.