Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda sukuk dasturi yo‘lga qo‘yiladi

Yujh

O‘zbekistonda investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish maqsadida suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturini amalga oshirish boshlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda xalqaro kliring kompaniyalari faoliyati uchun ham keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa korxonalar uchun kelgusida kamida 10 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha kapital jalb etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, xususiylashtirish dasturi doirasida joriy yilda umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ko‘chmas mulk obyektlari, korxonalardagi davlat ulushlari va yer uchastkalari auksionga chiqariladi.

Prezident mahalliy va xorijiy investorlarni ushbu yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.

Sukuk — islom moliyasi tamoyillariga mos moliyaviy instrument bo‘lib, an’anaviy obligatsiyalardan farqli ravishda foizli qarz mexanizmiga emas, balki aktivlar va sheriklik asosidagi investitsiyalarga tayanadi. Arab tilidagi “sakk” so‘zidan olingan ushbu atama moliyaviy sertifikat ma’nosini anglatadi.

Forumda investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimini yanada mustahkamlash choralari ham ma’lum qilindi. Xususan, mart oyidan boshlab Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ishlari boshlangan.

Qayd etilishicha, markazning huquqiy maqomi alohida konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi. Uning ishtirokchilari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilib, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi.

Bundan tashqari, markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va istalgan valyutada hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati kafolatlanadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *