Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda ilk bor 1,3 mingga yaqin yetim bola yozgi oromgohlarda bepul dam oladi

Bet

O‘zbekistonda ilk bor yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida respublikaning barcha hududlaridan 7–14 yoshdagi 1 295 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda 12 kun davomida dam oladi.

Bolalar oromgohlarda boshqa tengdoshlari bilan bir xil sharoitlarda hordiq chiqaradi. Agentlikka ko‘ra, bu ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, do‘stona muhitda muloqot qilishi va yangi taassurotlarga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Loyiha ishtirokchilari uchun yo‘llanmalar hamda dam olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi.

Hozirda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 1 062 nafar bola oromgohlarga yuborilgan bo‘lib, ular uchun sog‘lomlashtirish tadbirlari boshlangan.

Agentlikning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning baxtli bolaligini ta’minlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda mamlakatda bolalarni oilaviy muhitda tarbiyalash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator choralar ko‘rilgan. Natijada Oilaviy bolalar uylari soni 130 tadan 423 taga yetgan, 480 nafar bola muassasalardan oilaviy muhitga qaytarilgan. Shuningdek, 8 ta bolalar uyidan 7 tasi faoliyati tugatilgan.

Bundan tashqari, Baxt shahri va Chinoz tumanidagi ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari yopilib, 228 nafar bola oilaviy muhitga qaytarilgan. Chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 239 nafar bola esa O‘zbekistonga olib kelingan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *