Haftalik

Haftalik yangiliklar

Andijonda Soliq Mobile orqali 35,1 mlrd so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Ruk

Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan Soliq Mobile ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m byudjet mablag‘lari noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 6 nafar fuqaro va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolar O‘.Q., N.Y. va R.X. nomiga jami 9 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) tashkil etgan.

Tergovga qadar tekshiruvda ushbu korxonalar o‘rtasida amalda hech qanday moliyaviy munosabatlar bo‘lmaganiga qaramay, kompyuter texnikalari yordamida 2026-yilning mart—aprel oylarida jami 1,1 trillion so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgani aniqlangan.

Shuningdek, gumonlanuvchilar go‘yoki savdodan tushgan mablag‘larni onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilgan va mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida xarid cheklarini shakllantirgan. Natijada 100 ming 458 nafar fuqaro nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek to‘lovlari amalga oshirilgan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, ushbu sxema oqibatida 35,1 milliard so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati soliq boshqarmasining ayrim mas’ul shaxslari ham qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani qayd etilgan. Xususan, ular mazkur MCHJlar tomonidan 1,1 trillion so‘mlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilganiga qaramay, korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini ko‘rmagan va shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga axborot bermagan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi tergov harakatlarini davom ettirish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *