Haftalik

Haftalik yangiliklar

Soliq qo‘mitasi va “O‘zbekneftgaz” mas’ullari ishtirokidagi 643 mlrd so‘mlik talon-torojlik fosh etildi

Likp

Soliq qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” va bir qator xususiy korxonalar mansabdor shaxslari ishtirokidagi 643,2 milliard so‘mlik talon-torojlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departament tomonidan Soliq qo‘mitasining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida yirik miqdordagi noqonuniy moliyaviy sxema fosh etilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, O‘zbekneftgaz, “SH.G.” MCHJ, “S.E.” MCHJ QK, “A.” MCHJ hamda “E.E.” MCHJ QKning O‘zbekistondagi doimiy muassasasi mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan.

Ular Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi doirasida ko‘rsatilgan 5,3 trillion so‘mlik xizmatlar amaldagi qonunchilikka ko‘ra qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etilgan bo‘lishiga qaramay, QQS summalarini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda kiritgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, buning natijasida byudjetda asossiz ravishda QQS mablag‘lari shakllantirilgan. Keyinchalik ushbu mablag‘larning “A.” MCHJ hisob raqamiga qaytarilishiga hamda “S.E.” MCHJ QKning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklarini hisobdan chiqarishga erishilgan.

Departament hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur noqonuniy harakatlar oqibatida 643,2 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *