Haftalik

Haftalik yangiliklar

Sergeli bozori buzilmaydi — hokimlik tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Ser

Toshkent shahar hokimligi Sergeli avtomobil bozori buzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, bozor o‘z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda.

Hokimlik axborotiga ko‘ra, hozirda bozor hududida sotuvchilar, xaridorlar va tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida modernizatsiya, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, loyiha doirasida infratuzilmani yangilash, xavfsiz va zamonaviy savdo muhitini yaratish hamda xizmatlar sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida ma’muriy binoning kirish qismlari yangilanib, granit plitalar yotqizilmoqda. Shuningdek, hududdagi 26,5 ming kvadrat metr maydonga yangi asfalt qoplamasi yotqizilgan. Yana 16,2 ming kvadrat metr maydonni asfaltlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ehtiyot qismlar sotiladigan do‘konlarning tom qismi ta’mirlanmoqda, tartibsiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari olib tashlanmoqda va savdo vitrinalari yangilanmoqda.

Foydalanilgan ehtiyot qismlar savdosi amalga oshiriladigan konteynerlar ham zamonaviy va yagona me’moriy ko‘rinishga keltirilayotgani ma’lum qilindi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bozor hududiga transport vositalarining kirishi uchun inson omilisiz ishlaydigan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi ham joriy etilmoqda. Mutasaddilar bu tizim kirish jarayonini tezlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Toshkent shahar hokimligi Sergeli bozori buzilishi haqida tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, olib borilayotgan ishlar hududni rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyati uchun sharoitlarni yaxshilash va mijozlar uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilganini qayd etdi.

Shu munosabat bilan fuqarolardan faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga tayanish hamda tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik so‘raldi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *