Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyatida davlat mulki, elektr energiyasi va yer uchastkalari bilan bog‘liq bir nechta korrupsion holatlarga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Andijon viloyati hududiy boshqarmalari mahalliy tadbirkor bilan Izboskan tumanidagi ko‘chmas mulk obyektini asosiy to‘lovlarini amalga oshirish sharti bilan sotib olish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzgan.
Biroq tadbirkor shartnoma shartlariga rioya qilmagani vaj qilinib, shartnomani bekor qilish, ustama va jarima undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga apellyatsiya shikoyati kiritilgan.
Shundan xabar topgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi yuqori lavozimdagi tanishlari orqali sud ajrimini tadbirkor foydasiga hal qilib berish va shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming dollar talab qilgan.
U so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan.
Yana bir holatda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon hududiy filiali muhandisi Andijon tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning sholi quritish sexida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani bo‘yicha 650 mln so‘m zarar hisoblanganini aytgan.
Ushbu miqdorni 40 mln so‘mga kamaytirib berish evaziga muhandis 15 ming dollar talab qilgan va 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, viloyat tumanlaridan birining Kadastr bo‘limi boshlig‘i 1959-yilda tug‘ilgan fuqaroga uy-joy qurishi uchun 8 sotix va dehqon xo‘jaligi tashkil qilishi uchun 17 sotix yer ajratib berish evaziga avval 3 ming dollar olgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, u fuqaroga 8 sotix yer ajratilgani haqida soxta hujjat ham rasmiylashtirib bergan.
2026-yil yanvar—fevral oylarida o‘tkazilgan xatlov jarayonida mazkur yer maydoni noqonuniy ajratilgani fosh bo‘lgan va fuqaroga nisbatan 82 mln so‘m jarima qo‘llangan.
Keyinchalik kadastr mansabdori 3 ming dollar pulni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida ushlangan.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.