O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni hududlarda jamoat transportini rivojlantirish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelingan. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan.
Natijada har kuni qatnovga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetgan, kunlik qatnovlar soni esa 2022-yildagi 18 mingdan 45,2 mingtagacha oshgan.
Yo‘lovchilar oqimi 900 ming nafardan 2,3 million nafarga ko‘payib, 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Taqdimotda urbanizatsiya jarayonlari va shaharlar atrofidagi hududlarda aholi harakati keskin oshayotgani sabab shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga ko‘paygani qayd etildi.
Shu munosabat bilan shahar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlarini ham brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazish taklif qilindi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi aytildi.
Umuman, Toshkentda 19 ta, viloyat markazlarida esa 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “elektropoyezd — avtobus” va “elektropoyezd — metro” kabi yagona tariflarni joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj borligi ta’kidlandi.
Shu bois zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish hamda avtobus importida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana ikki yilga uzaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.