Oliy sud 1920–1934-yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblanib, nohaq javobgarlikka tortilgan yana 161 nafar vatandoshni oqladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 6-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida 8 ta jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilib, 161 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Ushbu vatandoshlarimiz o‘z vaqtida “bosmachilik” harakatlariga moddiy yordam berish, qurolli guruh tuzish va aksilinqilobiy faoliyatda ayblangan edi. Oxirgi yillarda olib borilgan izchil ishlar natijasida sovet davrida qatag‘on qilingan jami 1 236 nafar shaxs reabilitatsiya qilindi.
Mazkur jarayon prezidentning qatag‘on qurbonlari merosini o‘rganish va ularning xotirasini abadiylashtirishga doir farmoyishi doirasida amalga oshirilmoqda.