Haftalik

Haftalik yangiliklar

Prezident yangi qonunni imzoladi: hokimlar va vazirlar uchun korrupsiyaga qarshi reja majburiy bo‘ladi

Kun

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishda hokimlar va hukumat a’zolari mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonunni imzoladi.

Qonunda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda korrupsiyaning oldini olish, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda qo‘shimcha choralar zarurligi ta’kidlangan.

Endilikda hukumat a’zosi hamda hokim lavozimiga nomzodlar o‘z faoliyati uchun korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etishi shart bo‘ladi. Mazkur tartib “Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar orqali mustahkamlandi.

Shuningdek, fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi ham takomillashtirildi. Xususan, soddalashtirilgan ish yuritish uchun talab miqdori oshirildi:

  • yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha (ilgari 20 baravar);
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — 100 baravarigacha (ilgari 10 baravar);
  • jismoniy shaxslar uchun — 50 baravarigacha (ilgari 5 baravar).

Bundan tashqari, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlarning yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini bekor qilish bo‘yicha sudlarga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, sud tizimini yanada soddalashtirish hamda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *