O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashib borayotgani sabab millionlab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni izlayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal hamda tibbiy turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga ega.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, infratuzilma, servis, viza va transport tizimi, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada oxirgi 10 yil ichida mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 6 barobar oshib, 12 million nafarga yetgan.
Prezident Toshkentda yaqinda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqandda barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy xazinasi sifatida e’tirof etdi. Unga ko‘ra, bunday majmualar qo‘shni davlatlarda ham bunyod etilmoqda.
Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi yagona turistik makon — “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari qo‘shni mamlakatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro hamkorlarni turizmni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar portfelini shakllantirib, ularni birgalikda moliyalashtirishga chaqirdi.