Haftalik

Haftalik yangiliklar

Yangi Jizzax shaharchasi 40 gektarda barpo etiladi

Nhh

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Yangi Jizzax shaharchasini barpo etish loyihasining asosiy ko‘rsatkichlarini ma’lum qildi.

Prezident qaroriga muvofiq, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani tutash hududida 40 gektar maydonda yangi turar joy massivi quriladi. Loyiha doirasida 50 ta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 1200 xonadon foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, 1680 o‘rinli umumta’lim maktabi, bir smenada 200 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika hamda 280 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 21 ta davlat idorasi uchun yagona ma’muriy bino, 10 km aylanma yo‘l va yagona jamoat transporti tizimi tashkil etiladi. Vazirlikka ko‘ra, hududda yashash, ishlash va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi bir joyda mujassam bo‘lgan zamonaviy urbanistik model joriy qilinadi.

Transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 200 kilometrdan ortiq yo‘llarni yangilash ko‘zda tutilgan. Xususan, D-052 Dashtobod—Zomin—Baxmal—G‘allaorol avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinadi, 143 km hududiy va 30 km mahalliy yo‘llar ta’mirlanadi. D-048 hamda D-051 yo‘llarining ayrim qismlari qayta quriladi. Shahar ichidagi tirbandlikni kamaytirish uchun qo‘shimcha 10 km aylanma yo‘l barpo etiladi. Mazkur loyihalarga Islom taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilinmoqda.

Bundan tashqari, Jahon banki ishtirokida Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahallada maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot obyektlari, ichki yo‘llar, ichimlik suvi hamda elektr tarmoqlari yangilanadi.

Shu bilan birga, Jizzax shahridagi oqova suv tozalash inshootining quvvati 30 ming kub metrdan 80 ming kub metrgacha oshiriladi. Jizzax erkin iqtisodiy zonasi hududida esa 10 ming kub metr quvvatga ega kimyoviy oqova suv tozalash inshooti quriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar viloyatni zamonaviy aglomeratsiyaga aylantirish, shahar infratuzilmasini kompleks rivojlantirish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *