Toshkent shahridagi “Aviator” savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan vakolatlarni suiiste’mol qilish) hamda 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Bosh prokuratura yong‘indan so‘ng olib borilgan o‘rganishlar davomida vayronalar ostidan 2023-yilda tug‘ilgan qizaloqning jasadi topilganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, yong‘in 31-yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Parkent yo‘li ko‘chasida joylashgan “Aviator” savdo majmuasida sodir bo‘lgan. Qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borib, avvalo bino ichidagi fuqarolarni evakuatsiya qilgan. Yong‘in soat 16:50 da qurshab olingan va 17:17 da to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida taxminan 800 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan. Yong‘inni bartaraf etishga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika, shuningdek, 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.