Haftalik

Haftalik yangiliklar

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishni to‘xtatadi

Eir

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari 2026-yildan boshlab o‘z faoliyatini asosiy yo‘nalishlarga qaratib, nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishdan voz kechadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda aviatsiya korxonalarida xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni kuchaytirish, mahsulot va xizmatlar tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Transformatsiya jarayonida tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshida aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlari ko‘rib chiqildi. Ushbu ta’lim muassasalari AQShning “Embry-Riddle” va Fransiyaning “ENAC” kabi yetakchi xalqaro aviatsiya markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Universitetda bort kuzatuvchi va aviatsiya texnikasi bo‘yicha mutaxassislar kabi amaliy kasblar bilan bir qatorda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv yo‘nalishlarida ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda, shuningdek, Navoiy aeroportida samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan texnika va ehtiyot qismlarni bojxona to‘lovlaridan vaqtincha ozod etish masalasi ham ma’lum qilindi.

Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes reja taqdim etildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat ko‘rsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyaning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yiladi hamda qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.

Shu bilan birga, aeroport Uzbekistan Airports AJning markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratilib, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *