O‘zbekistonda eski avtomobilni sotmoqchi bo‘lganlar uning haqiqiy “probeg”ini yashirganlik uchun jarimaga joriy etilishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda foydalanilgan avtoulovni sotish jarayonida uning haqiqiy bosib o‘tgan masofasi — odometr (“probeg”) ko‘rsatkichini yashirish yoki odometrni almashtirish haqida xaridorni xabardor etmaslik ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 121−1-moddani kiritish taklif etilmoqda. Mazkur modda bo‘yicha, odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr uskunasi almashtirilgani haqida xaridorga xabar bermay avtotransport vositasini sotish holatlari uchun jarima BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda belgilanadi — taxminan 4,12 million so‘mdan 6,18 million so‘mgacha.
Qonun loyihasida keltirilishicha, bu choralar soxta odometr ko‘rsatkichlari orqali foydalanilgan transport vositalarini yomon niyat bilan qimmat narxda sotish holatlarini kamaytirish maqsadida taklif etilmoqda.
Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun 2025-yil 20 noyabrgacha qo‘yilgan. Mazkur loyiha hozirgi bosqichda muhokama ostida bo‘lib, qonun sifatida qabul qilinmagani e’tiborga olinadi.