Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarga antibiotiklarni tartibsiz qo‘llash holatlari hanuz davom etayotgani uchun sog‘liqni saqlash tizimini tanqid qildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda mamlakatda oshqozon kasalliklari 1,5 baravar kamaygan bo‘lsa-da, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bu borada sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan. Masalan, Yakkabog‘da shifokorlarga murojaatlarning 33 foizi, G‘uzorda 29 foizi, Koson va Mirishkor tumanlarida esa 25 foizi oshqozon-ichak kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda.
Prezident bolalarga dori vositalarini, ayniqsa antibiotiklarni nazoratsiz berish holatlari keng tarqalganini qayd etdi. Shu bilan birga, joylardagi shifokorlarni malakali dori tanlashga o‘rgatish ishlari sust kechayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, buyrak kasalliklari ulushi Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 40—50 foizga yuqori ekani ma’lum qilindi.
Davlat rahbari bu kasalliklarning yillar davomida kamaymayotgani Urologiya va Nefrologiya markazi rahbariyatini jiddiy tashvishga solishi kerakligini ta’kidladi. Ularning joylarga chiqib, kasalliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishi zarurligi qayd etildi.
Ma’lumki, Prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari har yili Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.