Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqarodan 300 ming dollar pora talab qilgan fermer xo‘jaligi rahbari qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, donli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik rahbari hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xo‘jalikning 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan samarqandlik fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga pora so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Qashqadaryoda ham shunga o‘xshash holat aniqlandi. Qarshi tumanida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida yashovchi fuqaroga uy-joy qurish uchun olib berish evaziga 180 million so‘m talab qilgan.
Ular oldindan 10 ming dollar olgan vaqtlarida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28,211-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.