2026-yil 1-noyabrdan Misrga safar qiladigan O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi kirish tartibi kuchga kiradi. Unga ko‘ra, safar oldidan viza rasmiylashtirish, turistik safarlarni vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etish va yetarli miqdorda naqd pulga ega bo‘lish talab etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, 40 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonliklar Misrga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligida borishi mumkin. Bunda oila safar davomida kamida 5 ming dollar naqd pulga ega bo‘lishi kerak.
40 yoshdan oshgan va mustaqil sayohat qiladigan fuqarolardan esa kamida 3 ming dollar naqd pul talab etiladi.
Shuningdek, sayyohlar mehmonxona band qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘i borligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Yangi tartibga muvofiq, Misrda bo‘lish vaqtida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish uchun murojaat qilish mumkin bo‘lmaydi.
Belgilangan talablarni bajarmagan yoki zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan fuqarolarning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmasligi mumkin. Bunday holatda yo‘lovchilarni Misrga olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarish choralari ko‘riladi.
Elchixona o‘zbekistonliklarni safarlarini rejalashtirishdan oldin yangi talablar bilan tanishib chiqishga chaqirdi.
