O‘zbekistonda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning 90 foizi chet davlatlardan turib, transchegaraviy tarzda amalga oshirilmoqda. Bu haqda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov aholiga murojaatida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, raqamlashtirish jarayonlari bilan birga transchegaraviy kiberxavflar ham kuchaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda sodir etilayotgan deyarli har ikki jinoyatdan biri axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilmoqda.
Ashropovning qayd etishicha, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, bank-moliya tizimida antifrod mexanizmlarini joriy etish va aholining axborot xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Vazir o‘rinbosari kiberfiribgarlar ko‘pincha fuqarolarning ehtiyotsizligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanishini ta’kidladi. Shu sababli u aholiga quyidagi tavsiyalarni berdi:
- ijtimoiy tarmoqlarda yuborilgan noma’lum va shubhali fayllarni, ayniqsa APK fayllarni ochmaslik va yuklab olmaslik;
- telefon orqali o‘zini davlat idorasi yoki boshqa tashkilot xodimi deb tanishtirgan notanish shaxslarga shaxsiy ma’lumotlarni bermaslik;
- telefon orqali hech kimga SMS kod yoki parol aytmaslik;
- qisqa vaqtda pulni bir necha barobar ko‘paytirishni va’da qiluvchi soxta onlayn platformalarga ishonmaslik;
- internet orqali xarid qilganda sotuvchining ishonchliligini tekshirmasdan oldindan to‘lov qilmaslik;
- bank kartasining PIN kodi va telefonga keladigan SMS kodlarni begona shaxslarga bermaslik.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning choralari bilan bir qatorda aholining ogohligi va kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilishi ham muhim.
