Ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh joylarni aniqlash va o‘zboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish bo‘yicha topshiriq berildi. Tartibga keltirilgan hududlarda bolalar maydonchalari, sport va fitnes zonalari hamda yashil maydonlar tashkil etiladi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ko‘p qavatli uylar atrofidagi tartibga keltirilgan hududlarda umumiy foydalanish uchun bolalar maydonchalari, sport va fitnes hududlari, yashil maydonlar tashkil etish hamda ko‘chalarni yoritish zarur.
Bu orqali mahallalarda aholi uchun qulay sharoit yaratish va mavjud hududlardan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Bo‘sh bino va yerlar yangi loyihalarga jalb qilinadi
Yig‘ilishda tuman va mahalla darajasidagi mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Xususan, to‘liq ishlatilmayotgan yoki bo‘sh turgan bino-inshootlar, shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish mumkin bo‘lgan yer maydonlarini aniqlab, ularni yangi loyihalarga bog‘lash topshirildi.
Tuman va mahallalarning gavjum ko‘chalarida master-rejalar asosida tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish vazifasi belgilandi.
Tarixiy shaharlar va turizm mahallalarida ko‘chalarni “eski shahar” uslubida ta’mirlash, mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini ko‘paytirish ham rejalashtirilgan.
Yoshlar va ishsizlar kasb-hunarga o‘qitiladi
Yig‘ilishda aholini sog‘lom turmush tarziga jalb etish, mahalla va ko‘chalarda ommaviy yurish hamda jismoniy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, maktab, texnikum va oliygohlarning bo‘sh xonalaridan foydalanib, yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda xorijiy tillarga o‘qitish uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.
