Haftalik

Haftalik yangiliklar

Profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vazifa yuklash taqiqlanadi — qonun loyihasi

Ml

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 25-avgust kuni “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Qonun loyihasi bilan profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni o‘tash tartibini belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalariga aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, shuningdek, unga qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Profilaktika inspektorlari har chorakda hisobot beradi

Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Unga ko‘ra, profilaktika inspektori har chorakda o‘z xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, aholiga profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish imkonini beruvchi mexanizm joriy etilmoqda.

Inspektorlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan kafolatlar ham nazarda tutilgan.

Jumladan, ularning sha’ni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish choralari belgilanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasini yangi bosqichga olib chiqishi, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, profilaktika inspektorlarining mas’uliyati va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori ishlaydi

29-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taqdimotda profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomini belgilovchi mazkur qonun loyihasi haqida ham axborot berilgan.

O‘sha paytda O‘zbekistonda qariyb 9 mingta mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilayotgani ma’lum qilingan.

Davlat rahbari profilaktika inspektorlari katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, ularning ishini to‘g‘ri tashkil etish zarurligini qayd etgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *