Haftalik

Haftalik yangiliklar

Energetika vazirligi: O‘zbekistonda neft mahsulotlari zaxirasi 2–3 oyga yetadi

Mkll

O‘zbekistonda mavjud neft mahsulotlari zaxirasi yaqin ikki-uch oy davomida ichki bozor talabini qoplash uchun yetarli. Bu haqda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, dunyodagi geosiyosiy vaziyat energetika xavfsizligini ta’minlash masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Shu bois mamlakatda nafaqat yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish, balki neft mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Bugungi geosiyosiy vaziyatda energetika xavfsizligiga tahdidlar kuzatilmoqda. Shuning uchun faqat zaxira yaratish emas, balki neft mahsulotlarini ishlab chiqarish obyektlarini rivojlantirish ham juda muhim”, dedi Umid Mamadaminov.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda yiliga 1,2 million tonnadan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar tomonidan yiliga 600–700 ming tonna atrofida neft mahsulotlari import qilinmoqda. Mazkur hajmlar ichki bozor ehtiyojini ta’minlash imkonini bermoqda.

Vazir o‘rinbosari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida zarur yoqilg‘i zaxiralari shakllantirilganini ta’kidladi.

“Yetarlicha zaxiralar yaratilgan. Ishonch bilan ayta olamanki, mavjud zaxiralarimiz kelgusi 2–3 oyga yetadi”, dedi u.

Qayd etilishicha, ichki ishlab chiqarish hisobidan har oy 100 ming tonnadan ortiq neft mahsuloti ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, so‘nggi oylarda mamlakatda benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi ham oshgan. Xususan, avtomobil benzini ishlab chiqarish 502 ming tonnaga, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish esa 476 ming tonnaga yetgan.

Ayni paytda ichki bozorda benzin narxlari o‘sishi kuzatilmoqda. Iyun oyi oxirida birja savdolarida AI-92 markali benzinning bir tonnasi 13 million 919 ming so‘mdan sotilib, tarixiy eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Natijada iyun oyining o‘zida mazkur markadagi benzin narxi qariyb 11,8 foizga oshgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *