Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan taqdim etilgan axborot bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yig‘ilishda aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Xususan, tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral hamda hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish va avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, tabiiy gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlash doirasida magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismi almashtiriladi. Shuningdek, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregati mukammal ta’mirlanadi.
Bundan tashqari, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida gaz taqsimlash tizimi modernizatsiya qilinadi. Shu doirada 711,9 kilometr gaz tarmog‘i hamda 400 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinadi.
Yig‘ilishda suyultirilgan gaz ta’minoti masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida aholiga jami 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralari ham oldindan shakllantiriladi. Rejaga ko‘ra, dekabr–yanvar oylariga 120 ming tonna avtobenzin zaxirasi yaratiladi. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilingan.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik faqat neft-gaz sohasi bilan cheklanmasligi, balki energetika va kommunal tarmoqlar bilan uzviy bog‘liq holda tashkil etilishi zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, respublika va hududiy komissiyalar orqali jarayonlarni doimiy nazorat qilish hamda aholi va ijtimoiy obyektlarni tabiiy gaz, suyultirilgan gaz va boshqa yoqilg‘i resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.