Toshkent shahrida eng ko‘p ish bilan band aholi ulgurji va chakana savdo sohasida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda savdo sohasida 241,6 ming kishi mehnat qilmoqda. Bu barcha tarmoqlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bandlik bo‘yicha ikkinchi o‘rinni ishlab chiqarish sanoati egallagan. Mazkur yo‘nalishda 188,9 ming kishi faoliyat yuritadi. Shuningdek, qurilish sohasida 161,2 ming, ta’lim tizimida esa 139,4 ming kishi ishlamoqda.
Statistikaga ko‘ra, Toshkentda davlat boshqaruvi, mudofaa va majburiy ijtimoiy ta’minot yo‘nalishida 118,6 ming kishi, tashish va saqlash sohasida esa 103,1 ming kishi band.
Bundan tashqari, boshqa tarmoqlarda ish bilan bandlar soni quyidagicha:
- sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar — 79,1 ming kishi;
- yashash va ovqatlanish xizmatlari — 77,1 ming kishi;
- professional, ilmiy va texnik faoliyat — 71,2 ming kishi;
- axborot va aloqa — 71,1 ming kishi;
- moliyaviy va sug‘urta faoliyati — 43,5 ming kishi;
- boshqarish bo‘yicha faoliyat va yordamchi xizmatlar — 33,1 ming kishi;
- ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar — 31 ming kishi;
- tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash — 29,3 ming kishi;
- san’at, ko‘ngilochar va dam olish xizmatlari — 20,1 ming kishi;
- suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi va chiqindilarni yig‘ish hamda utilizatsiya qilish — 13,5 ming kishi;
- elektr energiyasi, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash — 7,7 ming kishi;
- qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi — 5,8 ming kishi.
Keltirilgan ma’lumotlar Toshkent iqtisodiyotida savdo, sanoat, qurilish va ta’lim sohalari bandlikni ta’minlayotgan asosiy tarmoqlar bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.