Haftalik

Haftalik yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi

Mho

Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat Qurbon hayiti arafasida hamda o‘zbekistonlik hojilar Haj amallarini ado etayotgan kunlarda bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari muftiy orqali Makka shahrida bo‘lib turgan barcha yurtdoshlarni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ularning yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida qilayotgan duolari qabul bo‘lishini tiladi.

Muloqot davomida keyingi yillarda har yili 15 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik Haj safariga borayotgani qayd etildi. Shuningdek, bu yil ilk bor 100 nafar mehnat faxriysi, mahalla faoli, nuroniy hamda kam ta’minlangan oilalar vakillari davlat hisobidan Haj safariga yuborilgani ta’kidlandi.

Prezident hojilarning salomatligi va ibodatlarni ado etish uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Muftiy Nuriddin Xoliqnazar esa Madinah va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun barcha zarur tashkiliy ishlar yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgan.

Suhbatda mamlakatdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, jumladan Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi faoliyati ham tilga olindi.

Shuningdek, Qurbon hayitini nishonlash munosabati bilan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolada murakkab operatsiyalar o‘tkazish hamda 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan fuqarolarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, masjid va qabristonlarni obod qilish uchun ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Suhbat yakunida prezident barcha hojilarga salom yo‘llab, ularning Haj amallari qabul bo‘lishini va yurtga sog‘-omon qaytishini tiladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *