Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda “yashil” energiya hajmi 4 mlrd kVt soatdan oshdi

Mno

O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 4 milliard kVt soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 14-may kuni soat 18:00 holatida quyosh fotoelektr stansiyalari 2 milliard 315 million kVt soat, shamol elektr stansiyalari esa 1 milliard 685 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 898 million kVt soatga yoki 29 foizga ko‘pdir.

Energetika vazirligi 20-aprel kuni mamlakatda “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3 milliard kVt soatga yetganini ma’lum qilgandi. Oradan 24 kun o‘tib, yana qo‘shimcha 1 milliard kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yil boshidan buyon 1 milliard 66 million kub metr tabiiy gaz tejalgan. Shuningdek, atmosferaga 2,3 million tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil boshidan hozirgacha barcha gidroelektr, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 6 milliard 160 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Buning natijasida 1,6 milliard kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan hamda atmosferaga 3,4 million tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olingan.

Ta’kidlanishicha, ishlab chiqarilgan ushbu elektr energiyasi hajmi o‘rtacha 4,4 million xonadonning 4,5 oylik yoki 1,6 million xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng hisoblanadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *