Prezidentning 6-maydagi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assosiatsiyasi negizida barcha sud boshqaruvchilari a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.
Sud boshqaruvchisi — to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini amalga oshirish uchun sud tomonidan tayinlanadigan shaxs hisoblanadi. Ularga muvaqqat boshqaruvchi, sanatsiya boshqaruvchisi, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi va moliyaviy boshqaruvchi kiradi.
Farmonga ko‘ra, palata o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tuzilmalari bilan birgalikda sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini shakllantiradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa ta’lim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi.
Farmonda Sud boshqaruvchilari palatasiga sud boshqaruvchisining a’zoligini to‘xtatish yoki uni palata a’zoligidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati ham berilgan.
Shuningdek, palata bunday holatlarda sud boshqaruvchisini o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilish yuzasidan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, sud boshqaruvchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, sud kreditorlar yig‘ilishining qaroriga asosan unga to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli bo‘ladi.
Bundan tashqari, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yig‘ilishi yoki Agentlik tomonidan taqdim etilmagan hollarda, sud boshqaruvchisi Sud boshqaruvchilari palatasi tomonidan maxsus elektron tizim orqali tanlangan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
Farmonda sud boshqaruvchilariga to‘lanadigan haq bazaviy va natijaga bog‘liq — KPI asosidagi qismlarga ajratilishi ham belgilangan. Natijaga bog‘liq to‘lovlar sanatsiya rejasida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarga erishish darajasidan kelib chiqib belgilanadi.