O‘zbekistonda 2025-yil davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari oqibatida qariyb 320 milliard so‘mlik zarar aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ma’lum qildi.
Jamiyat xabariga ko‘ra, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va qonunbuzarliklarni fosh etish maqsadida respublika bo‘ylab muntazam reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Nazorat jarayonida 186,2 million kVt/soat elektr energiyasidan qonunga xilof foydalanganlik holatlari aniqlangan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 319,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Ushbu hajm bo‘yicha qayta hisob-kitoblar amalga oshirilgan.
Qoidabuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararni undirish hamda aybdor iste’molchilarga nisbatan choralar ko‘rish uchun barcha materiallar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan reydlar bundan buyon ham davom ettirilishini, aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha jazo muqarrarligi ta’minlanishini ta’kidladi.