Toshkent shahrida firibgarlik yo‘li bilan 35 ming dollar miqdorida pora talab qilgan sobiq soliq xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ilgari soliq idoralarida ishlagan, hozirda poytaxtdagi transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi MCHJda hisobchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan ushbu shaxs o‘zining sobiq hamkasblari imkoniyatlaridan foydalanib, bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJga 17 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy farq summasini qaytarish hamda to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berish evaziga 35 ming dollar talab qilgan.
DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u MCHJ ta’sischisidan 20 ming 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida hisobchi o‘zining “xolis” yordamini Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali hal etmoqchi bo‘lgani aniqlanib, mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etildi.